Alloh muhabbatiga erishtiruvchi 10 ta amal.
Allohning muhabbatiga erishish eng oliy baxt. Bu fikrni har tomonlama isbotlasa bo‘ladi. Inson insonning muhabbatini qozonsa, qanchalik mehrga, yaxshilikka erishadi. Alloh muhabbatini qozonish esa, bundanda ulkan baxtga, saodatga olib boradi. Nafaqat bu dunyoda, balki abadiylik makoni oxiratda ham.
1. Qur’oni Karimni, uning ma’nolarini tadabbur qilib qiroat qilish. Ya’ni, kalomullohning har bir oyatini tushungan holda, ularning zamirida yotgan ma’nolarni tafakkur etib, tilovat qilish.
2. Farz ibodatlarni ado qilish bilan birga nafllarni ham qilib borish! Alloh taolo hadisi qudsiyda nafllarni qilib yurgan bandasini yaxshi ko‘rib qolishini aytgan.
3. Allohning zikrini doim til, qalb, amal va hol bilan qilib borish! Ya’ni, Alloh tomonidan buyurilgan amallarni ham jismoniy, ham ruhiy tomondan amalga oshirish zarur. Ana shunda inson tashqi va ichki tomondan mutanosib ixlosga erishadi.
4. Oxirat ishini har qanday dunyo ishidan ustun qo‘yish! Oxirat ishi nima, bu – Allohning farzlarini qilish va uning qaytariqlaridan qaytishdir.
5. Allohning ismlari, sifatlari haqida o‘ylab, ular to‘g‘risida tafakkur qilish! Allohning 99 ism va sifati mavjud. Ularning har birida ulkan ma’no va hayot hikmati yashirin. Ana shular haqida tafakkur qilish ham Yaratgan muhabbatiga olib boradi.
Yana quyidagi amallar Allohning bandasiga muhabbat qo‘yishiga sabab bo‘lar ekan:
6. Alloh taoloning marhamatlari, zohiriy va botiniy ne’matlari, ehsonlari haqida o‘ylash, ularni his qilish!
7. Uning huzurida siniqlik, xorlik, muhtojlikni his etish!
8. Kechaning oxirgi qismida xoli qolish, ibodat, Qur’on tilovati va tavba-istig‘for bilan bedor bo‘lish!
9. Solihlar, muhiblar, sodiqlar va oriflar bilan birga o‘tirib, ularning hikmatlaridan bahramand bo‘lish!
10. Alloh azza va jalla bilan banda o‘rtasiga to‘siq bo‘ladigan har qanday gunohlardan tiyilish!
Ulashish: